Toshkent davlat transport universiteti talabalari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik festivali”da ishtirok etmoqda

Mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan faol va iqtidorli talaba-yoshlar ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik festivali” atrofida jam bo‘lishdi. Yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda davom etayotgan mazkur yirik tadbirda Toshkent davlat transport universiteti talabalari ham faol ishtirok etib, o‘z tengdoshlari bilan madaniy va ilmiy tajriba almashmoqda.
Festival doirasida universitetimiz yoshlari dastlab Nukus shahrida joylashgan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida tashkil etilgan tadbirlarda qatnashdilar. Tashrif davomida ular mazkur dargoh faoliyati, talaba-yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga yo‘naltirilgan ilg‘or innovatsion loyihalar va g‘oyalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, oziq-ovqat sanoati yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan mahsulotlar hamda sohaga oid innovatsion ishlanmalar talabalarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, jarayon davomida yoshlar baliqchilik, pillachilik, agrar texnologiyalar va ekologik yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlangan maxsus ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirib, yurtimizning turli hududlaridan kelgan talabalar bilan o‘zaro fikr almashdilar. Ushbu muloqot maydoni yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ularning ilmiy hamda innovatsion salohiyatini rivojlantirish, hududlararo tajriba almashishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Festival dasturi nafaqat ilmiy-amaliy uchrashuvlar, balki yurtimizning boy tarixi va madaniy merosini o‘rganishga qaratilgan sayohatlarni ham o‘z ichiga olgan. Loyiha doirasida ishtirokchilar Mo‘ynoq tumaniga yetib keldilar. Bu yerda yoshlarimiz Orolbo‘yi mintaqasining o‘ziga xos tabiati, boy tarixi hamda bebaho madaniy merosi bilan yaqindan tanishib, qadimiy hudud bo‘ylab sayohat qilishmoqda. Transport universiteti talabalarining Qoraqalpog‘iston bo‘ylab safari va “Do‘stlik festivali”dagi safari davom etmoqda.
So'nggi yangiliklar
Eski Xovos sari ilmiy sayohat: Tarixchi talabalarining dala amaliyoti tashkil etildi
Toshkent davlat transport universiteti talabalari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik festivali”da ishtirok etmoqda
TDMAU o‘qituvchilari “BYD Uzbekistan Factory” zavodida malaka oshirmoqda
72 soatlik mashg‘ulotlar yakuniga yetdi
“Markaziy Osiyo davlatlari tarixi va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi
Talabalarimiz tabiat sirlarini amaliyotda o‘rganmoqda