Loading...

Qoraqalpog‘istonda “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi va “Biz Orol bilan birgamiz” eko marafoni o‘tkazildi.

Aksiya doirasida yoshlarni Orolboʻyi hududining turizm salohiyati, tarixiy-madaniy merosi hamda Orol dengizi ekologik muammolari bilan tanishtirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy, ekologik va turistik tadbirlar tashkil etildi.

Tadbir dasturiga muvofiq, birinchi kunda ishtirokchilar kuy-qo‘shiqlar, ezgu tilaklar va ko‘tarinki kayfiyat bilan tantanali kutib olindilar. Shundan so‘ng, mehmonlar uchun Nukus shahrida joylashgan Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Kunning ikkinchi yarmida Amudaryo tumanidagi tarixiy “Chilpiq” qal’asiga, Kegeyli tumanida joylashgan “Iyshan” qal’a yodgorligiga sayohat tashkil etildi. Shuningdek, tadbir doirasida yosh iste’dod egalari o‘rtasida "Yosh rassomlar" tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlov davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi tabiati, ekologik muammolar va tarixiy joylarning manzaralarini tasviriy san’at orqali aks ettirdi.

Eko-aksiyaning ikkinchi kunida ishtirokchilar Chimboy tumanida bo‘lib, mazkur tumanda Prezident qarori bilan yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida ko‘chat ekish jarayonlarida ishtirok etdilar. Shundan so‘ng Chimboy tumanidagi “Qora uy”, ya’ni chodir qurish ustaxonasida ish jarayonlarini kuzatishdi. Ishtirokchilar qoraqalpoq xalqining milliy laparlarini kuylab, haqiqiy qoraqalpoq turmush tarzi bilan yaqindan tanishishdi.

Eko-aksiyaning uchinchi kunida Mo‘ynoq tumanida joylashgan Orol dengizi tarixi muzeyi hamda Orol kemalari yodgorligiga ekskursiya amalga oshirildi. Sayohat davomida talabalar Orol dengizining tarixi, ekologik muammolar va ularning oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, muzeydagi tarixiy eksponatlar bilan tanishib, Orol fojiasining insoniyat va tabiat uchun qoldirgan saboqlarini yaqindan his etdilar. Orolning sobiq hududidagi “Kemalar qabristoni”ga tashrif buyurib, tabiat va inson faoliyati o‘rtasidagi muvozanat qanchalik muhim ekanligini chuqur angladilar. Shuningdek, Orol dengizi hududining tarixiy va ma’naviy maskanlardan biri bo‘lgan Hakim ota majmuasini ziyorat qilishdi. Shu bilan birga tadbir doirasida sport musobaqalari va turli tanlovlar tashkil etildi.

“Biz Orol bilan birgamiz” eko marafoni Orolbo‘yi hududining ekologik muammolariga e’tibor qaratish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va bunyodkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos namunasi bo‘lib xizmat qildi.