“Yangi O‘zbekiston” yoshlarini birlashtirgan “Do‘stlik festivali”

🏛 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi, Madaniyat vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Do‘stlik festivali” ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
⏩ Festival doirasida millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalari turli madaniy-ma’rifiy hamda sport tadbirlarida o‘z ifodasini topdi. Xalqlar do‘stligi kuylangan konsert dasturida institutning “To‘maris” xalq ansambli hamda iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashdi. Tadbir avvalida ishtirokchilar talabalarning qo‘l mehnati, tasviriy san’at namunalari va erishilgan yutuqlari aks etgan ko‘rgazma bilan tanishdi.
⚽️Festival doirasida mini futbol, basketbol va shaxmat bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, yoshlar o‘zlarining jismoniy va intellektual salohiyatini namoyon etdi. Qizg‘in va do‘stona ruhda o‘tgan bellashuvlar yakunida g‘olib hamda sovrindorlar diplom va medallar bilan taqdirlandi.
🎨Mehmon talaba-yoshlar dunyoga mashhur I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga sayohat qilib, qoraqalpoq xalqining boy tarixi, san’ati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
📚Festivalning eng e’tiborli loyihalaridan biri – bir kunlik talabalar almashinuvi dasturi bo‘ldi. Unda Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari musiqa ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha darslarda qatnashib, qoraqalpoq milliy cholg‘usi – alamo‘ynoq dutori haqida bilim oldi hamda qoraqalpoq va o‘zbek xalq qo‘shiqlarini birgalikda ijro etdi.
✨ Tantanali tadbir davomida institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov festival yoshlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy almashinuvni rivojlantirish va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
🏅 Festivalni tashkil etishda faol qatnashgan oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, delegatsiyalar vakillari hamda faol talaba-yoshlar tashakkurnoma, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
✔️“Do‘stlik festivali” nafaqat bayram, balki Yangi O‘zbekiston yoshlarini birlashtirgan samimiy muloqot, madaniy almashinuv va do‘stlik maydoniga aylandi.
So'nggi yangiliklar
Orzudan imkoniyatga: Garvard Samarqandda
“Yangi O‘zbekiston” yoshlarini birlashtirgan “Do‘stlik festivali”
Teatrlar davom etmoqda!
“Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-festivalining ilk kuni yakunlandi!
Yoshlar bilan muloqot — kelajakka ishonch va yangi gʻoyalar maydoni
“Yangi kitob” – kitoblarning shou-taqdimoti tashkil etildi!