Loading...

Ta’lim va kasbiy tayyorgarlik – xavfsiz mehnat migratsiyasining asosiy sharti etib belgilanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi bozori geografiyasini kengaytirish va fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 

Unga ko‘ra, quyidagi tashabbuslar va yangiliklar ilgari surildi:

 “Kasb plyus til” loyihasi doirasida Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma o‘quv loyihalari soni 20 taga, qamrovi esa 10 ming nafarga yetkaziladi;

 Maqsadli tayyorlash markazi Toshkent shahrida 12 ta kasb va 7 ta tilga o‘qitadigan, 600 o‘rinli kampusga ega zamonaviy majmua sifatida tashkil etiladi;

 Moliyaviy yengilliklar tizimi orqali chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malaka imtihoni xarajatlari esa to‘liq qoplab beriladi va mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqaroning o‘ziga beriladi;

 Tibbiyot va qurilish yo‘nalishlarida hamshiralarni xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus kurslar hamda ishchi mutaxassislar malakasini baholash markazlari faoliyati kengaytiriladi;

 Mavsumiy ish yo‘nalishlari bo‘yicha AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya kabi davlatlar bilan imzolangan yangi xalqaro bitimlar asosida agrar va turizm sektorlarida hamkorlik kuchaytiriladi;

 Raqamli yechimlar doirasida “Xorijda ish” platformasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilib, ish beruvchilar va aholi uchun tezkor hamda qulay aloqa mexanizmlari yaratiladi;

 Huquqiy va ijtimoiy himoya choralari kuchaytirilib, 37 ta davlatda yurtdoshlarimizning hayot tarzi doimiy monitoring qilinadi hamda ularga moddiy va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi;

 Migratsiya agentligi islohoti natijasida agentlik nafaqat tashqi migratsiya, balki ichki mehnat bozorini ham sifatli kadrlar bilan ta’minlaydigan muhim bo‘g‘inga aylanadi.

 Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, sohani raqamlashtirish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.