Loading...

“Vazir kubogi” gʻolibi aniqlandi: murosasiz final va taqdirlash!

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimi xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida sportning futbol turi boʻyicha oʻtkazilgan “Vazir kubogi” musobaqasi yuqori saviyada oʻz nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning hal qiluvchi yarim final, uchinchi oʻrin hamda final bahslari “Vazirlik-1”, “Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi”, “Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi” hamda “Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi” jamoalari oʻrtasida kechdi.

Musobaqaning final bosqichiga “Vazirlik-1” hamda “Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi” jamoalari yetib keldi. Murosasiz va qizgʻin oʻtgan bahsda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 1-jamoasi 2:1 hisobida gʻalaba qozonib, musobaqaning mutlaq gʻolibiga aylandi. “Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi” jamoasi 2-o‘rinni, “Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi” jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Turnir yakunida gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ishtirok etib, jamoalarni koʻrsatgan chiroyli va murosasiz oʻyinlari bilan qutladi. Musobaqada faollik ko‘rsatgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari, g‘oliblarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.