Loading...

Tyutorlar malakasini oshirish: zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar sari!

Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida oliy ta’lim tashkilotlari tyutorlari uchun 2026-yilgi malaka oshirish kurslari doirasida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda.

Mashg‘ulotlar tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida tashkil etilib, tyutorlarning kasbiy-pedagogik mahoratini oshirish, talabalar bilan ishlash samaradorligini kuchaytirish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.

Darslar davomida tyutorlik faoliyatining normativ-huquqiy asoslari, pedagogik mahorat, talabalar psixologiyasi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish, media madaniyat hamda ijtimoiy tarmoqlar etikasi kabi dolzarb mavzular yoritilmoqda.

             

Shuningdek, talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘quv-ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan manzilli ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mashg‘ulotlarda nazariy bilimlar amaliy topshiriqlar, hayotiy misollar va zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilib, tyutorlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

          

Tyutorlar uchun 2026-yilgi malaka oshirish kurslari: 14 ta modul, yangi bilim va amaliy ko‘nikmalar!

Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari tyutorlari uchun tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari zamonaviy ta’lim talablari asosida tyutorlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

 O‘quv dasturi 14 ta modulni qamrab oladi:

Normativ-huquqiy va tashkiliy asoslar – tyutorlik faoliyatining huquqiy asoslari va tashkiliy mexanizmlari.

Tyutorning kasbiy-pedagogik mahorati – kommunikatsiya, liderlik, pedagogik etika va vaqtni samarali boshqarish.

Raqamli texnologiyalar – HEMIS, Moodle, ta’lim platformalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish.

Talabalar jamoasi psixologiyasi – yosh davri xususiyatlari, moslashuv jarayonlari va talabalar bilan individual ishlash.

Vatanparvarlik va milliy qadriyatlar – talaba-yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash.

 Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish – kitobxonlik, sport, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va intellektual loyihalar.

 Talabalarning yashash manzillari monitoringi – yashash sharoitlarini o‘rganish va ijtimoiy muammolarni aniqlash.

 O‘quv-ilmiy faoliyatni tashkil etish – akademik o‘zlashtirishni monitoring qilish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy loyihalarga jalb etish.

Ijtimoiy-ma’naviy muhit va profilaktika – huquqbuzarliklar, zararli odatlar va diniy mutaassiblikning oldini olish.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan ishlash – nogironligi bo‘lgan, yetim va ko‘makka muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash.

Mediamadaniyat va ijtimoiy tarmoqlar etikasi – axborotni tahlil qilish, raqamli etika va tyutorning kasbiy imidjini shakllantirish.

Talabalarning ijtimoiy faolligini baholash – talabalar tashabbuslari, jamoatchilik faoliyati va liderlik salohiyatini rivojlantirish.

 Talaba-qizlar bilan ishlash – gender tengligi, individual yondashuv va tazyiq hamda zo‘ravonlikning oldini olish.

Tyutorlik faoliyatining samaradorligini baholash (KPI) – faoliyat natijalarini tahlil qilish, hisobot yuritish va kasbiy rivojlanishni rejalashtirish.
      

 Kurslar davomida ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari orqali tinglovchilarning bilimlari mustahkamlanadi. Amaliy keyslar, muammoli vaziyatlar tahlili va zamonaviy pedagogik yondashuvlar yordamida tyutorlarning talabalar bilan samarali ishlash ko‘nikmalari rivojlantiriladi.

       

Malaka oshirish kurslarining asosiy maqsadi – tyutorlarning bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish, talabalar bilan ishlashda samarali usullarni keng joriy etish hamda oliy ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlashdan iborat.