Talabalar munosabati asosida oliy ta’limda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqilmoqda

Talabaning ovozi ta’lim sifatini belgilay oladimi? Uning fikri oliy ta’lim tashkilotidagi boshqaruv qarorlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Eng muhimi, talaba bildirgan muammo yoki tashabbus amaliy natijaga aylanyaptimi?
Bu savollar zamonaviy oliy ta’lim oldida turgan eng muhim masalalardan biridir. Bugun universitetni faqat auditoriyalar, ma’ruzalar va imtihonlar majmui sifatida tasavvur qilish tobora tor yondashuvga aylanmoqda. Oliy ta’lim tashkiloti bilim berish bilan birga, shaxsni rivojlantirish, kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish, ijtimoiy faollikni oshirish, mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladigan yaxlit akademik va ijtimoiy muhitdir.
Joriy yilda talabalar, professor-o‘qituvchilar va rahbariyat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni mustahkamlash maqsadida 4,5 mingdan ortiq uchrashuv hamda 2,4 mingdan ziyod sport musobaqalari tashkil etilib, ularda 300 mingdan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi. Bu raqamlar oliy ta’lim tizimida bevosita muloqot mexanizmi keng va muntazam tus olayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, oliy ta’limda shakllanayotgan yangi muloqot, hamkorlik va ijtimoiy faollik muhiti mujassamdir.
Xo‘sh, bu jarayonlarning asl samarasi nimada? Talabaning fikri qay darajada tinglanmoqda? Bildirilgan muammo shunchaki qayd etilib qolmay, uning yechimi uchun aniq mas’ul va muddat belgilanmoqdami? Eng muhimi, talaba tashabbusi real natijaga aylanayaptimi? Ana shu savollar zamonaviy oliy ta’limning mazmun-mohiyatini belgilovchi muhim mezonlardan biridir. Chunki bugun oliy ta’lim sifati faqat o‘quv mashg‘ulotlarining mazmuni yoki akademik natijalar bilangina emas, balki talaba uchun yaratilgan ijtimoiy-ma’naviy muhit, samarali qayta aloqa, psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarni rag‘batlantirish va muammolarni manzilli hal etish mexanizmlarining qay darajada ishlayotgani bilan ham belgilanadi.
Ana shu yondashuvni amaliyotga tatbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 656-son qarori muhim huquqiy asos bo‘ldi. Qarorning 2-ilovasida talabalar bilan ishlash, oliygohlarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit yaratish, yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Shu asosda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazildi. Oddiy savollar ortida esa katta maqsad – yoshlarning oliygohdagi hayotini o‘z nigohi bilan ko‘rish, ularni qiynayotgan masalalarni aniqlash va yechim topish maqsadi turardi. So‘rovnoma natijalari tahlil qilinib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Eng muhimi, bu dastur amalda bajarildi. Bugungi tajriba bitta oddiy, ammo muhim haqiqatni ko‘rsatmoqdaki, talabani tinglash – maqsadning o‘zi emas, balki muammoni aniqlash va uni amaliy hal etishning boshlang‘ich nuqtasidir. Tinglangan fikr muammoga, aniqlangan muammo esa amaliy yechimga aylangandagina haqiqiy natija yuzaga keladi. Ana shu yondashuv asosida amalga oshirilgan ishlarni yetti asosiy yo‘nalishda ko‘rish mumkin.
Rahbar va yoshlar o‘rtasidagi muloqot – savoldan yechim sari.

Sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhit, avvalo, rahbariyat va talabalar o‘rtasidagi ochiq muloqotdan boshlanadi. Shu maqsadda oliy ta’lim tashkilotlarida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, “Akademik va yoshlar uchrashuvi” kabi tadbirlarni tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur uchrashuvlarning asosiy mazmuni talabalar muammo, taklif va tashabbuslarini bevosita rahbariyatga yetkazishi, ularni ochiq muhokama qilishi va bildirilgan takliflarni aniq chora-tadbirlar hamda amaliy yechimlar bilan bog‘lashdan iborat. Bu yondashuv yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarga hamohang bo‘lib, unda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini bevosita o‘rganish va ular bilan ochiq muloqotni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarning muhim misollaridan biri “Talaba Expo – 2026” tadbirlari doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlaridir. Xususan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 12 mingga yaqin talaba-yosh ishtirok etdi. Unda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Masalan, Samarqanddagi uchrashuv yakunida eng yaxshi deb topilgan startap loyihalarni moliyalashtirishga tavsiya etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Navoiy davlat universitetida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida bitiruvchi talabalar, yosh tadbirkorlar, mutasaddi idoralar va soha mutaxassislari ishtirok etib, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida biznes loyihalari uchun imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lgan yoshlarga vaucherlar topshirildi. Demak, bugungi kunda muloqotning samaradorligi uchrashuvlar soni bilan emas, balki uchrashuvdan keyin nima o‘zgargani bilan o‘lchanmoqda.
Sport – sog‘lom raqobat va jamoaviylik maktabi

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va ularni jismoniy faollikka keng jalb etish ham oliy ta’limdagi sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitning muhim tarkibiy qismidir. Shu maqsadda talaba-yoshlar o‘rtasida futbol, shaxmat va boshqa sport turlari bo‘yicha “Rektor kubogi”, “Fakultet chempionati” kabi musobaqalarni tashkil etish amaliyoti kengaytirildi. Xususan, joriy yilda, Respublika komissiyasi ishchi guruhi tomonidan Termiz davlat universitetida “Rektor kubogi” sport musobaqalarining tashkil etilishi o‘rganildi. Jarayonda sport tadbirlari bilan bir qatorda, yoshlar bilan ishlash tizimi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham tahlil qilindi. Albatta, bu juda muhim jihat. Chunki zamonaviy oliy ta’limda sportni alohida tadbir sifatida emas, balki yoshlarning ijtimoiy faolligi, jamoaviyligi, liderlik qobiliyati va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantiruvchi kompleks mexanizm sifatida ko‘rish lozim. Aytish mumkinki, “Rektor kubogi”, “Fakultet chempionati” va boshqa sport musobaqalari tashkil etilib, ularga 150 mingdan ziyod talaba-yosh qamrab olindi. Biroq bu boradagi asosiy mezon “Qancha musobaqa o‘tkazildi?” degan savol emas, balki “Qancha talaba muntazam sport bilan shug‘ullana boshladi, nechta jamoa shakllandi, nechta fakultet va kurs qamrab olindi?” degan savollarga javob topishdir. Shu bois “Rektor kubogi” va “Fakultet chempionati”ni oliy ta’lim tashkilotlarining yillik sport kalendariga kiritish, ishtirokchilarning yagona elektron hisobini yuritish va yil yakunida talabalar qamrovini foizlarda baholash maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashuv sportni bir martalik musobaqadan muntazam jismoniy faollik mexanizmiga aylantiradi.
Milliy qadriyatlar – yoshlar ma’naviy kamolotining mustahkam poydevori

Globallashuv sharoitida yosh avlodning milliy o‘zligini anglash, tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalanishi nihoyatda muhim. Shu maqsadda oliy ta’lim tashkilotlarida “Milliy qadriyatlar – ma’naviyat ko‘zgusi” shiori ostida turli ko‘rik-tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijodiy loyihalar tashkil etilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Yurtim qadriyatlari” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida 6 ta jamoa milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlar, kompozitsion musiqiy chiqishlar hamda jadidlar hayoti va ijodiga oid savol-javoblar bo‘yicha bellashib, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, xalq qo‘shiqlari, milliy raqslar va intellektual chiqishlar orqali o‘z bilim va ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Shunngdek, oliy ta’lim tashkilotlarida milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan 550 dan ortiq ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, 35 mingdan ziyod talaba-yosh qamrab olindi, kelgusida esa mazkur tadbirlarning barcha bosqichlari bo‘yicha yagona statistik monitoringni yo‘lga qo‘yish ularning samaradorligini baholash imkonini beradi, zero milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz ma’naviy jarayondir.
Talaba – tyutor – psixolog – ota-ona hamkorligida muammoli yoshlar bilan ishlashning samarali yechimi.

Talabaning o‘zgarib qolgan kayfiyati, darslarga qiziqishining susayishi yoki jamoadan chetlashishi ba’zan oddiy holatdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa bunday belgilar ortida e’tibor va ko‘makka muhtoj muammo yashiringan bo‘lishi ehtimol.
Shu bois oliy ta’limda sog‘lom muhitni ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri – muammoni chuqurlashmasidan avval aniqlash va unga o‘z vaqtida munosabat bildirishdir. Bu jarayonda talaba – tyutor – psixolog – ota-ona hamkorligi muhim mexanizmga aylanmoqda. Tyutor talabaning ta’limiy va ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni birinchilardan bo‘lib sezsa, psixolog uning ruhiy-emotsional holatini baholash va zarur yordamni ko‘rsatishga ko‘maklashadi. Ota-ona bilan hamkorlik esa vaziyatni oilaviy muhit bilan bog‘liq jihatlar nuqtayi nazaridan chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. Shunday ekan, oliy ta’lim tashkilotlarida psixologik xizmatni kuchaytirish, psixologik tadqiqot va so‘rovnomalar o‘tkazish, individual maslahatlar berish, profilaktik tadbirlar tashkil etish va tyutorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yoshlar yetakchiligi, ishtirokchidan tashabbuskor va loyiha rahbarigacha

Bugungi kun talabalari tadbirlarda tomoshabin yoki ishtirokchi bo‘lib qolmasligi kerak. Uning g‘oyasi eshitilishi, tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi, loyihasi esa amaliy natijaga aylanishi muhim. Shu maqsadda yoshlar bilan ochiq muloqotlarni kuchaytirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ochiq muloqotlarda belgilangan vazifalar asosida har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” sifatida yo‘lga qo‘yilgani ham bu boradagi ishlarni muntazam tizimga aylantirishga xizmat qilmoqda. Samarqandda o‘tkazilgan tadbirlarda 12 mingga yaqin talaba-yosh ishtirok etib, ish, tadbirkorlik va startaplar uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishdi. Yoshlarning biznes va startap loyihalari taqdim etilib, istiqbolli g‘oyalarni moliyalashtirishga tavsiya etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endi asosiy vazifa – “g‘oya – loyiha – imkoniyat – natija” zanjirini barqaror tizimga aylantirish. Shu nuqtayi nazardan, oliy ta’lim tashkilotlarida “Tashabbuslar reestri”ni shakllantirish orqali yoshlarning g‘oyalari, loyihalari va ularning amalga oshirish jarayonini tizimli kuzatib borish mumkin. Chunki liderlik tayyor lavozim emas. U kichik bir g‘oyadan, dadil tashabbusdan va uni oxirigacha amalga oshirish mas’uliyatidan boshlanadi. Oliy ta’lim esa ana shu g‘oyalar tug‘iladigan va kelajak liderlari shakllanadigan muhit bo‘lishi kerak.
Talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, muammoni eshitishdan manzilli yordamgacha

Oliy ta’limdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning sog‘lomligi talaba-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoit va ularning huquq hamda manfaatlari qay darajada himoya qilinayotgani bilan ham belgilanadi. Shu bois talaba-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan tizimli ishlar kuchaytirilmoqda. Xususan, homilador hamda yosh farzand tarbiyalayotgan talabalar uchun ta’limni davom ettirish va zarur hollarda masofaviy ta’limdan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Talaba-qizlar bilan ochiq muloqotlar orqali ularning ta’lim, kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rganish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va bandlikka oid ehtiyojlari o‘rganilmoqda. Bu borada asosiy mezon tadbirlar soni emas, balki aniqlangan muammolarning amaliy yechim topishidir. Shu sababli har bir murojaatni tegishli yo‘nalish bo‘yicha o‘rganish, mas’ulga biriktirish va natijasini nazorat qilish muhim.
Zero, talaba-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ularning muammosini eshitish emas, balki yechim topguncha yonida bo‘lishdir.
Kurs qo‘mitalari – talaba ovozini tizimli ravishda eshitish mexanizmi

Talabalarning kundalik muammolari, taklif va tashabbuslarini eng tez aniqlash mumkin bo‘lgan bo‘g‘in – ularning bevosita ta’lim olayotgan kursi va guruhidir. Shu bois kurs qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirish talabalar bilan samarali qayta aloqa o‘rnatishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Oliy ta’lim tashkilotlarida kurs qo‘mitalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ko‘plab oliy ta’lim tashkilotlarida kurs qo‘mitalari shakllantirilib, ularga faol yoshlar jalb etilmoqda. Muhimi, bu qo‘mitalar faqat yig‘ilish o‘tkazish bilan cheklanib qolmasdan, talabalarning muammolarini aniqlash va ularning yechimini topishga xizmat qilishi kerak. Buning uchun aniqlangan muammo, mas’ul shaxs, muddat va ko‘rilgan choralar yagona tizimda qayd etib borilishi maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytganda, talabalar fikrini muntazam o‘rganish va ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, rahbariyat, tyutor, psixolog, ota-ona hamda talabalar hamkorligini kuchaytirish oliy ta’limda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishning muhim omilidir.
So'nggi yangiliklar
Talabalar munosabati asosida oliy ta’limda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqilmoqda
Adiblar xiyobonida Abdulla Qahhor va Muqimiy tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-ma‘rifiy tadbir o‘tkazildi
Bir do‘ppi - bir qadriyat, birlashgan do‘ppilar - milliy birdamlik!
Vazir Qoʻngʻirot tumanidagi maktablarda yoshlar bilan uchrashdi
Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan soha vakillariga esdalik nishonlari topshirildi