Loading...

“Namanganning 100 ta yangi brendi” loyihasi doirasidagi innovatsion ko‘rgazma va seminar-treningda institut yoshlari ishtirok etdi

     

Adliya vazirligi tashabbusi bilan Namangan davlat texnika universitetida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va innovator yoshlarning g‘oya hamda ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni bozorga olib chiqish va huquqiy jihatdan himoya qilishga qaratilgan “Namanganning 100 ta yangi brendi” loyihasi doirasida innovatsion ko‘rgazma hamda seminar-trening tashkil etildi.
 

Mazkur tadbirda Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqaruvchilar, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda innovator yoshlar o‘zlarining mahsulotlari, ishlanmalari va istiqbolli loyihalari bilan ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmada turli yo‘nalishlarda yaratilgan mahalliy mahsulotlar va innovatsion ishlanmalar namoyish qilinib, ularni o‘z nomi va tovar belgisi ostida bozorga olib chiqish, brend sifatida rivojlantirish, milliy va xalqaro tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish hamda intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Nuritdinov, Namangan viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov ishtirok etib, ko‘rgazmada namoyish etilgan mahsulot va innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.



Tadbirning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda Namangan davlat chet tillari instituti innovator yoshlari ham o‘zlarining innovatsion loyihalari bilan faol ishtirok etdilar. Institut yoshlarining ishlanmalari va yangi g‘oyalari ko‘rgazma ishtirokchilariga taqdim etilib, ularning amaliy ahamiyati, innovatsionligi va kelgusida rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
 

Xususan, “Toza yechim” innovatsion loyihasi tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov institut yoshlari tomonidan yaratilgan mazkur loyiha bilan yaqindan tanishib, uning mazmun-mohiyati va amaliy imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi. Loyihaning innovatsion g‘oyani amaliy yechimga aylantirish, jamiyat uchun foydali mahsulot yoki xizmat yaratish hamda kelgusida uni brend sifatida rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Seminar-trening davomida tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarga mahsulotni kuchli brendga aylantirish, tovar belgilarini yaratish, ularni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish va huquqiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur ko‘rgazma va seminar-trening Namangan davlat chet tillari instituti innovator yoshlarining o‘z g‘oya va ishlanmalarini keng jamoatchilikka taqdim etishi, ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirishi hamda istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha yangi imkoniyatlarga ega bo‘lishiga xizmat qildi.



🧠Institut yoshlarining “Namanganning 100 ta yangi brendi” loyihasidagi ishtiroki ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning yangi g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish borasidagi ishlarning izchil davom etayotganini namoyon etdi.