Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

                O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kinodramaturg va kinorejissyor, adib Uchqun Nazarov tavalludining 90 yilliliga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi

     Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, taniqli operator, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi  Abdurahim Ismoilov, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev, ustoz jurnalistlar A’lo Xo‘jayev  va boshqalar milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlar xotirasini e’zozlash doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.         

           
       Anjumanda Uchqun Nazarovning ijodiy merosi o‘quvchilar va tomoshabinlar uchun xazina ekanini, bu adabiy va kinomeros ko‘proq targ‘ib qilinishi kerakligi ta’kidlandi.
      –  Uchqun akaning birinchi hikoyasi nomi “Odamlar” edi, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam. – Hikoyaning bunday nomlanishi biz uchun katta jasorat, shijoat edi. Keyinchalik uning yozganlari “Sharq yulduzi”, Moskvadagi “Drujba narodov” jurnallarida chop etildi. Uning ”Tunda o‘tgan umr” asarining yana bir nomi   “Surayyo” filmi yaratildi. Kino sohasida ushbu film o‘ziga xos yangilik edi. Bu odamning yuragini ko‘rsatadigan film edi.  Uchqun Nazarov, O‘lmas Umarbekov, Shukur Xolmirzayev, Botir Zokirov, O‘tkir Hoshimov, Nizom Komilov singari ijodkor ziyolilar milliy adabiyotimiz, san’atimizga yangicha ruh, samimiyat olib kirgan ijodkorlardan edi.  Bu ijodiy davrani barpo etgan inson Abdulla Qahhor edi. Uchqun akaning yozganlari milliy kinematografiya san’atida “Surayyo”, “Yigit va qiz”, “Qo‘qon voqeasi” kabi badiiy filmlarda o‘z aksini topgan.  

    Darhaqiqat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kinodramaturg va kinorejissyor Uchqun Nazarov  «Odamlar» (1961) hikoyasi bilan kitobxonlarga tanilgan.

    Abdulla Qahhor o‘sha yillarda O‘lmas Umarbekovning «Boboyong‘oq» hikoyasi bilan Uchqun Nazarovning «Odamlar» hikoyasini yoshlarning eng yaxshi asarlari qatoriga qo‘shgan edi. Shundan keyin uning «G‘urur» (1965), «Jur’at» (1977), «Sadoqat» (1965) nomli hikoya va qissalaridan iborat to‘plamlari chop etildi. Uchqun Nazarov «Iqror», «Odamlar», «G‘urur» kabi hikoyalari bilan kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lgan. Uning yirik asari – «Chayon yili» romani ham o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi.

            
Uchqun Nazarov bir qancha sahna asarlari ham yaratgan bo‘lib, uning «Oyna» dramasi (1977) Hamza nomli akademik drama teatrida muallif tomonidan sahnalashtirilgan.

    U kinossenarist sifatida ham barakali ijod qilgan. Uning «Surayyo», «Qiz va yigit», «Shiddat», «Alanali sohil» va uch bo‘limdan iborat «Qo‘qon voqeasi» kabi badiiy filmlari tomoshabinlar e’tiborini qozongan. So‘nggi filmi uchun ijodkorga 1977 yilda Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan.

    Tadbirda Uchqun Nazarovning “Yorug‘ dunyo” qissa va hikoyalardan iborat yangi to‘plami taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etildi.

                                                                                                                                                 Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri