“Akademiya” galereyasida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ko‘rgazma ochildi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, “O‘zarxiv” agentligi O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, Toshkent Fotosuratlar uyi bilan hamkorlikda siyosiy qatag‘on qurbonlari va jadid ma’rifatparvar yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan “Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida arxiv hujjatlari, rangtasvir va haykaltaroshlik asarlaridan tashkil topgan badiiy ko‘rgazma rang-barang materiallarga boyligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi juda ta’sirchan, qiziqarli, har bir tomoshabinni o‘yga toldiradi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan I.B.Bahromovning “1898-yil. Andijon qo‘zg‘oloni”, Alisher Aliqulovning “1916-yil qo‘zg‘oloni”, Sa’dulla Abdullayevning “Turkiston muxtoriyati tashkil topishining e’lon qilinishi”, Farrux Ahmadaliyevning “Moskva-Volga kanali qurilishida o‘zbek mahbuslarining ishlashlari”, “Quloq” qilingan oilalarning surgun qilinishi”, Orif Mo‘minovning “Abdulla Qodiriyning qatl qilinishi”, Baxtiyor Mahkamovning “Dehqonlarning mol-mulkini musodara qilib quloq qilish”, Sh.Qo‘ziyevaning “Qo‘zg‘olonchilarning o‘qqa tutilishi” kabi asarlari tomoshabinni befarq qoldirmaydi.
Shu bilan birga O.Bakirovning “Abdulhamid Cho‘lpon tergov qilinmoqda”, Sardor Allaberganovning “Fitratning hibsga olinishi”, “Cho‘lponning qatl etilishi”, Sobir Rahmetovning “O‘zbek ziyolilari uyida tintuv”, Aziza Mamatovaning “Abdulla Qodiriy” kabi kartinalarida siyosiy qatag‘on qurbonlari va jadid ma’rifatparvar yurtdoshlarimizning fojeali hayoti tasvirlangan.
O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi fondida saqlanayotgan – Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Xalq nozirlari kengashi raisi Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat – professor, yozuvchi, olim, jamoat arbobi Sadriddin Ayniy, Furqat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mahmud Xodiyev, Abdulla Avloniy, Oybek, Nozim Hikmat, Hamid Olimjon, Abdulla Qodiriy va boshqa tarixiy shaxslarga oid ko‘plab fotosuratlar bilan tanishish mumkin.
Shuningdek, ko‘rgazmada bir qator iqtidorli yosh haykaltaroshlardan Jasvant Annazarov tomonidan ishlangan ma’rifatparvar bobolarimiz Muqimiy, Furqat haykali, Bahrom Norboyevning Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy haykali, O‘rolboy Yaxshilikovning Cho‘lpon haykallari ham namoyish etilmoqda.
Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1 ming 30 nafardan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlanib, tarixiy adolat qad rostladi va minglab jadidlar avlodlari qalbini yaralagan jarohatlar bitdi.
Zero, Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir.
Ma’rifiy tadbirda qayd etilganidek, bugungi farovon hayot, mustaqil Vatan, osuda kunlar qurbonlarsiz bo‘lmagan. Jadidlarimizning buyuk namoyandasi Abdulla Qodiriyning “moziyg‘a qarab ish ko‘rmak xayrlidir”, degan ibratli so‘zlarini eslash kifoya. Jaholatga qarshi kurashish, millat sha’nini himoya qilish orqali mustamlaka bo‘lgan Turkistonni dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari safida ko‘rishni orzu qilgan ajdodlarimizning orzulari bugun ro‘yobga chiqdi.
Jadidlar hayoti va faoliyatiga oid ma’rifiy uchrashuv hamda tarixiy mavzudagi ko‘rgazma barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri
So'nggi yangiliklar
O‘zbek adabiyotining buyuk siymolari faoliyati zamonaviy texnologiyalar orqali keng targ‘ib etiladi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludinnig 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 84 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi
Buxoro davlat pedagogika institutida “Turkiston taraqqiyparvarlari merosi: tarixiy tajriba va milliy o‘zlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Adib va kino ustasi Uchqun Nazarovning xotirasi yodga olindi
Milliy qadriyatlar sayli