Loading...

Buxoro davlat tibbiyot instituti delegatsiyasi Belarusda xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

     

O‘zbekiston va Belarus Respublikalari o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mazkur jarayon doirasida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti vakili Belarus Respublikasida amaliy xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Institut xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Laziz Niyazov O‘zbekiston va Belarus oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ilg‘or tajribalarni o‘rganish jarayonlarida ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida institut delegatsiyasi Maksim Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universitetiga tashrif buyurib, oliygoh rahbariyati bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida delegatsiya a’zolari universitetda ta’lim jarayonini tashkil etish tizimi, zamonaviy o‘quv va ilmiy infratuzilma, innovatsion ta’lim muhiti, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, zamonaviy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, o‘quv auditoriyalari va amaliy mashg‘ulotlar bazasi bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Muloqotlar chog‘ida tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro grantlar hamda innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Mazkur xizmat safari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.