Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

“Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” mavzusida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda University of Business and Science hamkorligida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi bo‘lim  boshlig‘i Muhabbat Mirsoliyeva kirish so‘zlari bilan ochildi. Ular o‘z nutqlarida Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan jasorat, g‘alabaga qo‘shgan hissasi, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va Prezidentimiz rahbarligida bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi Bazarov Otabek Xasanboyevich ham ishtirok etdilar.

Anjumanda ishtirokchilar Ikkinchi jahon urushining salbiy oqibatlari, urush qatnashchilarining jasorati, front ortida mehnat qilgan faxriylarning xizmatlari, bugungi kunda urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yoshlar ongida vatanparvarlik ruhini shakllantirish kabi mavzularni keng muhokama qilishdi.

     

Tadbir ikki qismdan iborat bo‘lib, dastlab yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibidan quyidagi yetti ta muhim ma’ruza o‘rin oldi:

  • A. Kurganov, filologiya fanlari doktori, dotsent (Ichki ishlar vazirligi akademiyasi) — “Xotira — muqaddas, qadr — aziz”;

  • B. Absattorov, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent (University of Business and Science) — “Yoshlar tafakkurida tarixiy xotirani mustahkamlashning ijtimoiy-falsafiy asoslari”;

  • A. Ashurov, filologiya fanlari doktori, professor, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent (University of Business and Science) — “O‘zbekistonda 9-mayni Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlashning ijtimoiy-falsafiy ahamiyati”;

  • M. Raxmanova, tayanch doktorant (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti) — “Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga majburiy ko‘chirilgan xalqlar”;

  • S. Jumayev, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi (Shayxontohur tumani 169-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi) — “O‘zbekistonda xotira madaniyatini shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni”;

  • G. Esonaliyeva, talaba, Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) — “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — mamlakat taraqqiyoti va farovonligining asosidir”;

  • N. Ergasheva, talaba, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) — “Xotira madaniyatida XXI asr adabiyotining o‘rni”.     

Anjuman ikkinchi qismda 4 ta sho‘baga bo‘linib davom etdi:

  1. “9-may — Xotira va qadrlash kunining tarixiy-ma’naviy ahamiyati”;

  2. “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari jasoratining ilmiy-nazariy tahlili”;

  3. “O‘zbekistonda xotira madaniyatini shakllantirishda adabiyot, san’at va ommaviy axborot vositalarining o‘rni”;

  4. “Yoshlar ongida tarixiy xotirani mustahkamlashda ta’lim tizimining roli”.

Ushbu sho‘balarda 100 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi va dolzarb ilmiy, tarixiy va ma’naviy mavzular yuzasidan sermazmun muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida taniqli shoirlar, yozuvchilar va olimlarning ijodiy chiqishlari ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi. Anjuman ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida yosh avlod qalbida tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash yo‘nalishida takomillashtirilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.