Loading...

Toshkent shahar bojxona boshqarmasida korrupsiyaga qarshi profilaktik uchrashuv o‘tkazildi

9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Toshkent shahar bojxona boshqarmasida profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda mutasaddi idoralar vakillari, sohaga oid ekspertlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Yuridik fanlar doktori, professor, Xalqaro universitet kafedra mudiri G.A. Matkarimova, Toshkent shahar prokurorining katta yordamchisi, Adliya maslahatchisi I. Nurmatov, shuningdek, DXX va boshqa tegishli idoralar vakillari ma’ruza bilan qatnashdi.

    

Ma’ruzachilar bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlar mas’uliyati va halollik standartlari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda korrupsiya jamiyat hayotining barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatishi, unga qarshi kurashish faqat jazolash emas, balki ochiqlik, tarbiya va ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlash jarayonini talab etishi ta’kidlandi.

       

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri ekani, bu boradagi islohotlar “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kabi dasturiy hujjatlarda belgilab berilgani qayd etildi.

Tadbir yakunida xodimlardan shaffoflikni ta’minlash, belgilangan talab va prinsiplarga qat’iy rioya etish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kundalik faoliyatda mustahkamlash so‘raldi.