Loading...

“Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn tanlovining 2026-yilgi 2-mavsumi final bosqichi o‘tkazildi!

Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan e’lon qilingan “Kitobxon yoshlar ligasi” tanlovining final bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda respublikaning barcha hududlaridan saralangan ishtirokchilar qatnashdi. Har bir viloyat uchun bitta oliy ta’lim muassasasi mas’ul etib belgilandi va finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan talabalar aynan shu oliygohlarda kuzatuvchilar nazorati ostida test sinovlarini topshirdi. Markazlashgan tartibda tashkil etilgan yakuniy bosqichda saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 142 nafar talaba-yosh o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Final bosqichini Markaz direktori Abdumalik Akramov ochib berib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat va omad tiladi. Yakuniy sinov davomida ishtirokchilarga O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin”, Tohir Malikning “Alvido, bolalik” hamda Jorj Oruellning “1984” asarlari yuzasidan jami 50 ta test savoli taqdim etildi. Har bir savolni ishlash uchun 40 soniyadan vaqt ajratildi.

Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar tanlov g‘oliblari deb topildi. Ballar teng kelgan holatlarda esa g‘olibni aniqlash maqsadida qo‘shimcha savollar berildi.