Loading...

Qoraqalpog‘istonda “Talabalar bahori” festivali bo‘lib o‘tmoqda!

 

Ayni kunlarda oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Talabalar bahori” festivali o‘tkazilmoqda. Festivalga respublikamizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim tashkilotlaridan 250 ga yaqin faol talaba-yoshlar tashrif buyurgan.

Festivalning birinchi kunida talaba-yoshlar Mo‘ynoq tumaniga sayohat qilib, “Kemalar qabristoni”, Orol dengizi tarixi muzeyiga tashrif buyurdilar. Nukus shahridan 220 kilometr masofada joylashgan ushbu manzilga sayohat unutilmas taassurotlar ulashdi. Ishtirokchilar sayohat orqali o‘zida ko‘p yillik tarixni saqlayotgan ulkan kemalarni tomosha qilib, Orol dengizi tarixi bilan yaqindan tanishishdi.

Mo‘ynoq sayohatidan so‘ng, Qoraqalpoq davlat universitetida “Sumalak sayli” tashkil etildi. Shuningdek, festival doirasida Nukusga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilar o‘rtasida “Zakovat Quiz” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda 20 ga yaqin jamoalar o‘zaro bellashdi.

Bugun festival Nukus davlat pedagogika institutida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika maqolalar va insholar tanlovining final bosqichi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliygohlarda Navro‘z sayllari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan davom etmoqda.