Loading...

Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va o‘qish xarajatlarini qoplash tizimi joriy etilgani katta samara berdi: sertifikatga ega yoshlar soni 600 mingdan oshdi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllandi.

    

Yaratilgan qulayliklar tufayli xususiy o‘quv markazlari soni 38 mingdan oshdi. Mazkur yo‘nalishda yosh tadbirkorlar O‘quv markazlari uyushmasini tashkil etdi va Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Endilikda uyushmaga a’zo bo‘lgan markazlar binosini ijaraga bergan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi, o‘qituvchilar esa Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or markazlarga stajirovkaga yuboriladi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha 15% kredit ajratiladi.

O‘zini band qilganlarga garovsiz 20 million so‘mgacha,
Yangi biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha,

Faoliyatini kengaytirayotganlarga 2 milliard so‘mgacha,
Kamida 5 bitiruvchini ishga olganlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.

 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturi joriy etilib, stajirovka asosida bitiruvchilar oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya oladi.

Shuningdek, yoshlarning 30% biznes ko‘nikmasi yetishmasligi sababli qiyinchilikka duch kelayotgani aniqlanib, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi. Bu markazlar tadbirkorlik, biznes-reja, buxgalteriya, marketing va ichki-tashqi bozorga chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar beradi.

Ushbu markazlar 2026 yilda Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, keyingi yilda esa qolgan hududlarda tashkil qilinadi.

O‘tgan yilda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinib, har bir hududda hokimlar boshchiligida Kasbiy ta’lim kengashlari ish boshladi. Agentlik va hokimlarga texnikumlarda kasbga o‘qitish dasturini ish beruvchilarning talabiga moslash, kasb-hunar va “dual ta’lim” bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni joriy etish va moddiy-texnika bazasini yaxshilash topshirildi.

Hokimlar texnikum binolari va yerlari boshqa maqsadlarda ishlatilmasligini, direktorlar esa faoliyatiga tegishli bo‘lmagan yig‘ilmalarga chaqirilmasligini ta’minlashi kerakligi ogohlantirildi. Har yili kamida 100 texnikum to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy kasblarga mos jihozlanadi.

       

“Dual ta’lim” qamrovi kengaytiriladi, har oy texnikumlarda Kasbiy rivojlanish kuni va mehnat yarmarkalari o‘tkaziladi. Texnikumlarga oliygohlar kabi spin-off ochish ruxsat etiladi, o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratiladi.

Joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun “Ishla va sayohat qil (Work and Travel)” dasturi asosida olti oy davomida xorijda ishlash va qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratildi. Dastur ishtirokchilari yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda oladi.