Loading...

#MeningPrezidentim #YoshlarPrezidenti

      

“Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti boshlandi. Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalardan uchrashuvda 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutladi. 
“Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, – dedi Prezidentimiz. 
 
Har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas’ullar hududidagi yoshlarni til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya, loyiha va startapiga ko‘mak berib, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e’tiborsiz qoldirmaslikka yanada katta mas’uliyat bilan yondashib ishlashi lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yoshlar tomonidan erishilgan yutuqlar aytib o‘tildi:
Yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida so‘nggi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 
Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. 
Yangilikka intiluvchan yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar bozoriga kirib bordi. 
Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
 
Bu yil Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahri Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilishi e’lon qilindi. 
 
Dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash bo‘yicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan sharoitda barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tishi zarurligi qayd etildi.