Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

            Talabalar ijtimoiy muhofazasi kuchaytiriladi    

    Aholini ijtimoiy himoya qilish har qanday davrda ham davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifa bo‘lgan. Chunki odamlarning turmush tarzi, kayfiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, avvalo, ular qay darajada ijtimoiy himoyalanganligi bilan bevosita bog‘liq.

    13-dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.

    Jumladan, Prezident kambag‘al oilalar farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi zarurligini ta’kidladi. Xususan, 118 ming yoshlar chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga o‘qitiladi va bu to‘garaklar xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi. 2025 yilda 3,5 ming nafar shunday oilalar farzandlarini oliy ta’limga grant asosida qabul qilish, oliygohlar rektorlari kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘lishi belgilab berildi.  
             

    Albatta, bu vazifani bajarish bizdan juda katta mas’uliyat talab qiladi va buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilamiz. Chunki, bu tizim bizga begona emas. Keyingi yillarda Prezidentimizning nochor oilalalarni kambag‘allikdan chiqarish, aholini kuchli ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi sa’y-harakatlari tufayli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ham davlat, ham oliy o‘quv yurti tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, zarur ijtimoiy, moddiy yordam berilmoqda.  

    Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham bugungi kunda 69 nafar nogironligi bo‘lgan, 12 nafar chin yetim, 64 nafar otasi yoki onasi yo‘q talaba, 9 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari, 18 nafar “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turadigan yoshlar tahsil olmoqda. Ularning sifatli ta’lim olishi uchun universitet tomonidan ham zarur sharoit yaratilgan. Jumladan, talabalar turar joyi bilan ta’minlash, to‘lov-shartnoma pulini to‘lash, stipendiya berish masalalarida imkon qadar yordam beryapmiz.  

    Bundan tashqari, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar asosida bizga biriktirilgan Samarqand shahridagi Qorasuv, Temiryo‘lchilar, Qo‘rg‘oncha, Oqsaroy, Ipak yo‘li, Bog‘iston, Birlik hamda Shodiyona mahallalarida yashovchi 29 nafar og‘ir toifadagi yoshlar bilan tizimli ish olib borilmoqda. Ularning har birining yashash sharoiti o‘rganilib, intilish va maqsadlari haqida suhbatlashdik. Qo‘lida hunari borlarga ishlatib daromad topishi mumkin bo‘lgan jihoz va uskunalar olib berdik, ayrimlarini kasb-hunarga o‘qitib, bandligini ta’minlashga ko‘maklashdik.

    Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqib, yoshlarni ijtimoiy himoyalash borasidagi ishlarimizni qayta ko‘rib chiqqan holda  universitetda kambag‘al oilalar farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi, chet tillari, axborot texnologiyalari va kasb sirlarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, to‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha choralar ko‘ramiz.

    Aytish joizki, bu sa’y-harakatlar mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan aholi hayotini izga tushirishga yordam beradi.  

                                                                                                              Xudoynazar YUNUSOV, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,

                                                                                                                chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.

                                                                                                                                                                                                            O‘zA.