Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

            Madhiya – vatandoshlarni so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir 
    Bugun milliy g‘ururimiz, istiqlolimiz timsoli – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi nishonlanmoqda.

    Madhiyaning har bir so‘zi butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoati, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan.  

    Har kuni beqiyos zamin, jannatmakon o‘lkada yashayotganimizni dilimizga jo etib turguvchi qadrdon madhiyamiz esa madhiyalikka nomzod 80 ga yaqin she’rning sardori sifatida qalblarimizga jo bo‘lgan. Har biri maxsus komissiya tomonidan g‘oyat sinchkovlik bilan, jiddiy ko‘rib chiqilgan dastlabki madhiyalardan qirqqa yaqini saralab olinib, ularning 27 tasi tanlovning I bosqichida ishtirok etdi. II va III bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 3 ta madhiya matni esa final bosqichiga munosib ko‘rildi. Bular – Mutal (Mutavakkil) Burxonov va Abdulla Oripov, Baxtiyor Aliyev bilan Abdulla Oripov, Rustam Abdullayev va Mirpo‘lat Mirzo hamkorligidagi madhiyalar edi.

    1992-yil 10-dekabr kuni Oliy Kengashning 400 dan ziyod deputat yig‘ilgan 11-sessiyasida gulduros qarsaklaru olqishlar bilan Mutal Burxonov va Abdulla Oripov muallifligidagi hozirgi madhiyamiz qabul qilindi. Zero, o‘z ishining mohir ustalari bo‘lgan ikki muallifning ulkan ijodiy salohiyati aks etgan madhiyamiz boshidan oxiriga qadar qalbimizni hayajonga soladigan sehrga ega. Yurtimizga xos barcha ulug‘vorlik, xalqimizga xos barcha buyuklik mujassam bo‘lgan unda.

    O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov "Unutilmas Mutal akamiz" maqolasida xalqimizning bu muazzam qo‘shig‘i haqida shunday yozgan edi: "Madhiya — tirik hayot, jonli turmush. U turli fikrdagi vatandoshlarni bir necha daqiqadayoq so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir".

    Barcha yurtdoshlarimizni ushbu sana bilan tabriklaymiz, milliy madhiyamiz qudrati yanada yuksalib, dunyo bo‘ylab baralla yangrayversin!