Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

        Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy qonunni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura,     Adliya vazirligi, NNT, ta’lim tashkilotlar vakillari, Konstitutsiyaviy sud ilmiy-maslahat kengashi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Majlisda 2024 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy sud axboroti ko‘rib chiqildi.    

    Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov boshqargan majlisda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash davlatchilikni mustahkamlash va uning barqaror rivojlanishining muhim sharti hisoblanishi qayd etildi. 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning kelgusidagi konstitutsiyaviy rivojlanish yo‘lini hamda xalq irodasiga asoslangan va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan zamonaviy o‘zbek davlatchiligining asoslarini belgilab berdi.    

    Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish, shu jumladan, jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq, huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlar joriy yilda ham faol davom ettirildi.  

    Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy qonunni amalga oshirish bo‘yicha 15 yo‘nalishda olib borilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining yangi konstitutsiyaviy konsepsiyasidan kelib chiqib, davlat organlarining faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yildi. Siyosiy institutlar va vakillik hokimiyati organlarining huquqiy maqomini yanada mustahkamlash, ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.    

    Inson huquq va erkinliklari, shaxsning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, ta’lim olish konstitutsiyaviy huquqi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan kelib chiqib, bu boradagi huquqiy mexanizmlar ham sezilarli darajada kuchaytirildi.  

    Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2024-yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 70 qonun va 218 normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi o‘rganilgan.  

    Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy qonunni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ham ilgari surildi.  

    Jumladan, birinchi navbatda, davlat xizmatchilari o‘rtasida Konstitutsiya targ‘ibotini kuchaytirish, huquqshunoslik yo‘nalishida darslik va qo‘llanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish zarur.  

    “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratish, xususan, parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturini qabul qilish maqsadga muvofiq.  

    Viloyatlar va Toshkent shahrida kengash raislari va hokimlar boshchilik qiladigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari alohida ajratilganini inobatga olib, qonunlardagi mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy kengashlar o‘rtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etish kerak.  
            
            

            

     Vazirlik va idoralarning nizomlarini qayta ko‘rib chiqib, ularda Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha ushbu tashkilot mas’ul bo‘lgan vazifa va funksiyalarini aniq belgilab qo‘yishga qaratilgan alohida normalarni belgilash joiz.  

    “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunda kam ta’minlangan shaxslarning normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirish bo‘yicha murojaatlarini Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqishda ham davlat hisobidan yuridik yordam taqdim etishni belgilash zarur.  

    Tartibsiz qurilishlar, qurilish ishlarida xavfsizlik choralari ko‘rilmagani aholi hayoti sifat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, shu jumladan, yosh bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini inobatga olib, barcha yirik qurilish ishlarida xavfsizlik kafolatlarini hamda ushbu masalada quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish lozim.  

    Ba’zi hududlarda fermerlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullar zimmasiga tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya etish talabini qo‘yish kerak.    

    Konstitutsiyadan kelib chiqib, maxsus qonunlarda xalqaro shartnomalarning yuridik kuchi masalasini aniq tartibga solish, xalqaro shartnomalar normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash mexanizmlarini ochib berish, xalqaro shartnomalarni sudlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash uchun huquqiy va protsessual asoslarni takomillashtirish joiz.    

    Tergov sudyasi vakolatlarining qonuniy asoslarini yaratish choralarini tezlashtirish hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lash masalasi bo‘yicha huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadga muvofiq.  

    Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.  
              

              

              

                                                                                                                                                       Norgul Abduraimova,  

                                                                                                                                             Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA