Manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaning asosiy omilidir
So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonunchilik bazasini shakllantirish va davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining huquqiy asoslari yaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Birlashgan Millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi hamda O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunlari qabul qilindi.
Korrupsiyaning asosini tashkil qiluvchi omillardan biri, bu manfaatlar to‘qnashuvi muammosidir. Davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida ishlovchi barcha darajadagi mansabdor shaxslar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishi mumkin. Shu sababli davlat hokimiyati tizimidagi manfaatlar to‘qnashuvini ijobiy hal qilish hozirgi davrda korrupsiyaga qarshi kurashning muhim vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Uni hal qilish maqsadida joriy yil uzoq kutilgan O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Unda: «Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat», deya ta’rif berilgan.
Ushbu qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan ishlab chiqilgan Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida nizom potensial manfaatlar to‘qnashuviга (xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va tashkilot bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsning shaxsiy manfaatlari muayyan vaziyatlar yuzaga kelganda, ular tashkilotning manfaatlariga qarama-qarshi bo‘lishi va tashkilot xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyat) hamda haqiqiy manfaatlar to‘qnashuviга (xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va tashkilot bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsning shaxsiy manfaatlari tashkilot manfaatlariga bevosita yoki bilvosita qarama-qarshi bo‘lgan vaziyat) bo‘linadi.
Davlat boshqaruvida manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish uchun qonunning qabul qilingani nafaqat davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat vazifalarini samarali bajarishlariga, balki xizmatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suiiste’molliklarni bartaraf etishi, davlat tashkilotlariga nisbatan aholining ishonchi oshishiga xizmat qiladi. Bu ularning ijtimoiy faolligini oshirish imkonini berdi.
Manfaatlar to‘qnashuviga qarshi kurashning muhim jihati jamoatchilik nazorati mexanizmini yaratish hisoblanadi. Fuqarolarni mansabdor shaxslar va tashkilotlarning xatti-harakatlari ustidan nazoratni amalga oshirishga jalb etish — davlat fuqarolik xizmatchilarining mas’uliyatini sezilarli darajada yuksaltiradi. Jamoatchilik nazorati va shaffoflikdan foydalanish idoralarning zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi, bu esa tizimni doimiy ravishda takomillashtirishga olib keladi.
Ushbu mexanizmlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlash zarur. Jamoatchilik bilan muntazam maslahatlashuvlar nafaqat manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni aniqlash, balki ularni bartaraf etish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Qaror qabul qilishning har bir bosqichida shaffoflikni ta’minlash uchun blokcheyn kabi texnologiyalarni joriy etish ham muhimdir. Bunday tizimlardan foydalanish mansabdor shaxslarning barcha xatti-harakatlarini kuzatishga yordam beradi. Bu esa qonunbuzarliklarning oldini olib, yashirin korrupsiya harakatlarini qiyinlashtiradi va mansabdor shaxslarning javobgarlik mas’uliyatini oshiradi.
Manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish nafaqat texnologiya va nazorat mexanizmlarini, balki mansabdor shaxs va xodimlar o‘rtasida xulq-atvor madaniyatini yaratishni ham talab qiladi. Axloqiy tayyorgarlik kasbiy tayyorgarlikning majburiy qismi bo‘lishi kerak, bunda manfaatlar to‘qnashuvi qabul qilib bo‘lmaydigan deb qaraladigan va zudlik bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan muhitni yaratishga yordam beradi. Xavfsiz va axloqiy muhitni yaratish nafaqat jamoatchilik ishonchini oshiradi, balki butun jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaning rivojlanishiga doimiy ravishda o‘zining hissasini qo‘shib boradi va bir qator tahdidlarni keltirib chiqaradi:
Xususan, qaror qabul qilishdagi qiyinchiliklar – turli manfaatlarga ega bo‘lgan tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuv qaror qabul qilish jarayonini murakkablashtiradi va kechiktiradi.
Ijtimoiy taranglik – manfaatlar to‘qnashuvi ijtimoiy guruhlar o‘rtasida taranglik va nizolarni kuchaytiradi, jamoatchilik orasida ishonchni pasaytiradi.
Shuningdek, resurslarni samarali taqsimlamaslik – raqobat va to‘qnashuv natijasida resurslar samarali taqsimlanmasligi, ba’zi tomonlarning foydasiga xizmat qilishi yoki resurslarning isrof bo‘lishiga olib keladi.
Kreativlik va innovatsiyaning pasayishi – agar manfaatlar to‘qnashuvi doimiy ravishda mavjud bo‘lsa, bu taraflarning hamkorligini kamaytirib, yangi g‘oyalar va innovatsiyalarning rivojlanishga xalaqit beradi.
Shu bois manfaatlar to‘qnashuvini hal etish uchun samarali muloqot, murosaga erishish strategiyalari va konstruktiv yechimlarni ishlab chiqish zarurdir.
Manfaatlar to‘qnashuvi davlat boshqaruvidagi jiddiy muammolardan biri bo‘lib, uning oldini olishda individual chora-tadbirlar, kengroq islohotlarni o‘z ichiga olgan tizimli yondashuv talab qilinadi.
Ma’lumot sifatida aytish mumkinki, davlat boshqaruvi tizimidagi korrupsiya ko‘rinishlari uzoq tarixga ega illat. O‘z vaqtida fransuz adibi, huquqshunos va faylasufi Sh.Monteske: «…asrlar tajribasidan ma’lumki, har qanday hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan shaxs uni suiiste’mol qilishga moyil bo‘ladi va u ma’lum bir maqsadga erishmaguncha shu yo‘nalishda yuradi», deb ta’kidlagan edi.
Davlat hokimiyati mansabdor shaxslarga nafaqat g‘amxo‘rlik qilishi, balki ularga nisbatan ko‘proq talablar qo‘yishi, xalqqa, davlatga munosib xizmat qilishlari uchun turmush tarzini kuzatib borishi, har xil imtiyozlar berishni tuxtatishi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan ma’lumotlardan ayon bo‘lishicha, ko‘pgina mansabdor shaxslar tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilmoqda. Agar ayrim mansabdor shaxslar manfaatlar to‘qnashuvini sodir qilmay, o‘ziga yuklatilgan vazifani vijdonan olib borganida, vatanparvar bo‘lganida, hashamatli uylarda yashamagan, qimmatbaho mashinalarda yurmagan, farzandlari nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qimagan bo‘lar edi.
Davlat xizmatidagi korrupsiya muammolarini o‘rganuvchilar huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida korrupsiyaga qarshi qonunchilikni yanada rivojlantirish zarur, deb hisoblaydilar. Xususan, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishdan tashqari, mansabdor shaxs, uning oila a’zolari va yaqinlari manfaatdor bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha ob’ektlarni ko‘rsatgan holda, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi maxsus deklaratsiya joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shveysariyada bunday deklaratsiyalar hatto muzokaralar bo‘yicha hamkorlarga ham taqdim etiladi. Masalan, deklaratsiyada mansabdor shaxsning rafiqasi «N» kompaniyasi boshqaruvi a’zosi ekanligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, u ham, uning qo‘l ostidagi xodimlari ham ushbu kompaniyalarga nisbatan qaror qabul qila olmaydi
Qabul qilinayotgan qarorlar har doim ochiq va xolis bo‘lishi, hech qanday diniy, kasbiy, etnik yoki oilaviy imtiyozlarsiz qabul qilinishi kerak. Davlat fuqarolik xizmatchilari o‘zining davlat oldidagi burchini xolislik, halollik va ochiqlik tamoyillari asosida bajarishi zarur.
Korrupsiyaning shakllaridan bo‘lgan mahalliychilik, favoritizm, nepotizm, shafelik, urug‘-aymoqchilik manfaatlar to‘qnashuvining asosi hisoblanadi.
Mahalliychilik – milliy va umumdavlat manfaatlarini hisobga olmay, mahalliy manfaatlarni, ya’ni nasliy kelib chiqishi hamda yaqin qarindoshlarining manfaatlarini ko‘zlab ish tutishi hisoblanadi.
Shuningdek, ma’lum bir shaxs boshqa shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga qaraganda bitta shaxs yoki shaxslar guruhi manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratishi "favoritizm" deyiladi.
Nepotizm (tanish-bilishchilik) – qarindoshlari yoki do‘stlariga ularning kasbiy fazilatlaridan qat’i nazar, noqonuniy imtiyozlar berishidir.
Shafelik esa shaxs lavozimi yuqoriroq bo‘lgan boshqa xodim tomonidan qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklidagi himoyasi, uni yoqlab yonini olishiga aytiladi.
Ta’kidlash joizki, urug‘-aymoqchilik – shaxsning avlod-ajdodlari bir bo‘lgan sulolaga mansublik asosida uchinchi shaxslarga nisbatan sub’ektiv, imtiyozli va noxolis munosabat shaklidagi shaxsiy manfaatdorlik korrupsiyaning ayovsiz urchishiga sabab bo‘ladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda o‘z ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar bevosita rahbariga (tashkilot rahbari – yuqori turuvchi rahbariga) yoki maxsus bo‘linmaga xabar berishi lozimligi «Manfaatlar to‘qnashuvi» to‘g‘risidagi qonunda belgilangan qo‘yilgan.
Shu fikr-mulohazalardan kelib chiqib aytish joizki, har bir davlat fuqarolik xizmatchisi manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish va tartibga solish bo‘yicha mas’ul ekanligini unutmasligi lozim va ushbu illatni bartaraf qilishda yuqorida keltirilgan omillarga e’tibor qaratishi zarur.
Shuhrat Turdiqulov, Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tadqiqotchisi, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zA
So'nggi yangiliklar
Qoraqalpoq davlat universitetida yangi 400 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.
“Huquq bilimdonlari” respublika tanlovining hududiy bosqich g‘oliblari aniqlandi!
“Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-festivalining hududiy bosqichlariga start berildi
Gender tenglik bo‘yicha Respublika Ishchi guruhi tomonidan audit o‘tkazildi.
Tyutorlar malakasi oshirilmoqda