Loading...
Sayt test rejimida ishlamoqda va ma’lumotlar bilan to‘ldirish hali yakunlanmagan!

    Viloyat hokimi bitiruvchi talabalar bilan muloqot o‘tkazdi

    Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon davlat chet tillari institutining bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.

    Uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi bosqich talabalari ishtirok etdi. Unda viloyat hokimi mamlakatimizda talabalarning puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini  ta’kidladi.     

   

    Aytish joizki, institutning imkoniyatlari yildan-yilga ortib bormoqda. Ayni kunda mavjud uchta fakultetda 20 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 ming 223 nafar talaba tahsil oladi. Ulardan 746 nafari bitiruvchi talaba hisoblanadi. Talabalarga 150 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Bundan tashqari, 1 ming 120 o‘rinli ikkita talabalar yotoqxonasi, zamonaviy axborot-resurs markazi, sport zali, barcha qulayliklarga ega ko‘plab auditoriyalar talabalarning bilim va malakasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.   

     

    Shuningdek, institutda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, institut Rossiya, Koreya, Angliya, AQSH singari qator rivojlangan davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.   

    Tadbirda viloyat hokimi talaba yoshlarni yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanishga chaqirdi. Xususan, ayni paytda turizm sohasi mutaxassislariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganligi, institut bu borada viloyatda drayver bo‘lishi lozimligini alohida qayd etdi.  

 

     

    Uchrashuv davomida bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash xususida ham so‘z yuritildi.   

    Viloyat hokimi talabalarning ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, jamiyatdagi jarayonlarda faol ishtirok etishlari yuzasidan taklif, tashabbus va g‘oyalarini eshitdi.   

    Institutning ingliz tili va adabiyoti fakulteti talabasi Mahliyo Karimova tomonidan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Viloyat hokimi sovrini uchun” chet tillar bo‘yicha fan olimpiadasini o‘tkazish taklifi bildirildi. Viloyat hokimi ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.   

    Ochiq, samimiy tarzda o‘tgan muloqot davomida viloyat hokimi yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.   

                                                             F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.

                           https://uza.uz/oz/posts/viloyat-hokimi-bitiruvchi-talabalar-bilan-muloqot-otkazdi_643208