Oliy ta’limda innovatsion boshqaruv joriy etilmoqda
Institut rektori, professor Dilnoza Xodjayeva boshchiligidagi o‘qituvchi- professorlar har jihatdan mamlakatda yetakchilar qatorida. Kuni kecha jamoaning to‘rt nafar vakili, ular qatorida rektor Dilnoza Xodjayeva ham bor, “O‘zbekiston oliy ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Buning asosli sabablari bor, albatta. Institutda yangilikka intiluvchan fidoyi rahbar va mutaxassislar sa’y-harakati bilan barcha jarayon raqamlashtirildi. Buning uchun registrator ofis, ya’ni xizmatlar markazi tashkil etildi. Endi talaba faqat o‘qish, ustoz bilim berish bilan shug‘ullanadi. Barcha tashkiliy ishlar, ular esa 40 turga yaqin, registrator ofis tomonidan bajariladi.
– Registrator ofisni tashkil etishdan maqsadimiz dekanat va kafedra mudirlari faoliyatini yengillashtirish, ular talabalar bilim sifatiga ko‘proq vaqt ajratishiga qaratilgan, – deydi ofis rahbari Rahimjon Toshpo‘latov. – Xizmat safarida bo‘lganimizda Yevropa mamlakatlarida ko‘rgan raqamlashtirish jarayonini o‘zimizning institutimizda ham joriy qilishni niyat qilganmiz. Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi ilg‘or tajriba hech ikkilanmay joriy etildi. Buning uchun ikkita bo‘lim tashkil qildik. Ya’ni xizmatlar bo‘limi va ma’lumotlar bazasi bo‘limi. Xizmatlar bo‘limida dars jadvalidan boshlab talabalarga tegishli ma’lumotlar berib boriladi, o‘quv jarayonini boshqarish raqamlashtirilgan. Avvalgi dekanatdagi vazifalar registrator ofisiga olingan.
Dastlab oson kechmadi. Talaba va professor- o‘qituvchilar uchun bu mutlaqo yangi tizim edi. Registrator ofis nafaqat xizmat ko‘rsatadi, balki o‘quv sifatining belgilangan darajada bo‘lishiga ham mas’ul. Bu ish videonazorat orqali amalga oshirilmoqda.
– Barcha auditoriyalarimiz videokuzatuv kameralari bilan ta’minlandi. Bu ko‘rib turganingiz dars jarayonida bevosita talabalar nima bilan shug‘ullanayotgani, faolligi yoki nofaolligi, darsni tinglayotganligi yoki befarqligi aks etgan. Uni raqamli texnologiyalar orqari kuzatyapmiz. Bu barcha talabalar faolligiga xizmat qiladi deb hisoblaymiz, – deydi institut o‘quv uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Behzodjon Boratboyev.
Endi o‘qituvchi-professorlarning dars o‘tish uslubi, ma’ruza saviyasi ham hatto talaba ota-onasi tomonidan kuzatilishi, baholanishi mumkin.
– Videokameralarning o‘rnatilishi ta’lim sifati oshishiga ham xizmat qiladi. Sababi dars jarayonida professor o‘qituvchilarimiz qanday ta’lim berayotganini kuzatish imkoniyatiga ham ega bo‘lamiz. Bu o‘z navbatida professor- o‘qituvchilarimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Darslarda faol bo‘lishga va talabalarimizga chuqurroq bilim berishga undaydi, – deydi Behzod Boratboyev.
Shunday qilib, Qo‘qon davlat pedagogika institutida O‘zbekistonda birinchilar qatorida o‘quv jarayoniga innovatsion usul muvaffaqiyatli tarzda joriy etildi.
Registrator ofisining yo‘lga qo‘yilishi yakuniy nazoratlarni bevosita olishga mas’ul bo‘lgan yangi nazorat tizimini ishlab chiqishga sababchi bo‘ldi. 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab yakuniy nazoratlarni raqamli texnologiyalardan foydalangan holatda registrator ofis xodimlari mas’ulligida o‘tkazish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov O‘zA muxbirlari
So'nggi yangiliklar
Markaz tomonidan o‘tkazilgan respublika tanlovlari g‘oliblari tantanali taqdirlandi!
“Ilhom – 2025” mukofoti yakuniy Respublika bosqichi ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi!
“Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” mavzusida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi
Malaka oshirish kurslari davom etmoqda
Respublika insholar tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Respublika ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblari aniqlandi!